O`ZBEK :: ENGLISH    

KUTUBXONA

VIDEOLAR:

                                                         “Asil ohangni izlab...”

ABROR ZUFAROV


O`zbekiston davlat konservatoriyasi,
an'anaviy ijrochilik kafedrasi katta o`qituvchisi.


 

        O'zbek musiqachisi o'zini nega o'zbek musiqasiga ta’luqliligini chuqurroq anglamoqchi bo'lsa, u avvolo o'zining ijrosida o'bekonalikni ohangga aylantirib berayotgan unsurlarini (element) imkon qadar ilg'ashi kerak. Bu unsurlarga musiqamizdagi nola, bezak, qochirim, pardalar, tovush qator va xokazolar kabi tushunchalar kiradi. Musiqachi ijro vaqtida ushbu unsurlardan son sanoqsiz holda foydalanadi. Lekin, har doim ham o'zi “chizgan” ushbu musiqiy naqshni o'zi aniq o'lchamga solib bera olmaydi. Har bir ijodkor o'z ustida ishlar ekan, san’atning ana shu chuqur olamlarigacha anglab yetish, eng noyob javharlarini izlab topishga urinadi.
Quyida yozmoqchi bo'layotganlarimizham, mana shunday izlanishlar natijasida ortirilgan amaliy tajribalarning bir mahsulidir.
       ...Hind musiqasi, arab musiqasi, turk yoki eron musiqalaridagi nim, yo nimchorak pardalik tovush qatorlarni deyarlik barcha musiqachilar anglab yetamiz, hatto bu pardalarda mohirona ijrolar ham qila olamiz. Ammo,o'zimizning musiqachi...? yuqorida aytib o'tilingan, bizni uzoq yillar turli izlanishlarga undagan savol ham aynan shu, mingafsuskim,bugungi musiqamizda deyarlik yo'qolib ketayotgan - o'zimizning milliy tovush qatorlardir.
       Tovush qatorlar boshqa sharq xalqlari musiqasida mavjud bo'lgani kabi,bizning musiqamizda ham azaldan mavjud bo'lgan.
       Sharq mutaffakirlari – Abu Nasr al-Forobiy, Abu Ali Ibn Sino, Safiuddin Urmaviy, Abdulqodir Marog'iy, Abdurahmon Jomiyva boshqalarning bizgacha qolgan manba’lardagi nazariy o'lchamlari bunga guvoh bo'la oladi.Tovush tizimi xalqimiz musiqasida avloddan avlodga turli tarixiy jarayonlar ta’sirida, asrlar osha yetib kelgan va musiqamiz ohanglarining o'zagi hisoblangan.
       O'zingizga ma’lumki, sobiq sovet tuzumi davrida,o'tgan asrning 30-yillaridan boshlab O'zbekistonda cholg'u sozlarini qayta ishlash va ularning parda tizimini temperatsiya qilish, ya’ni, ovro'pa tizimiga zo'rlab bo'ysundirilish ishlari boshlanib ketganligi aynan ana shu, musiqamizning nozik o'zagi bo'lmish, tovushqatorlarimizga jiddiy shikast yetkaza oldi.Deyarlik barcha cholg'ularimiz pardalari yevropa bir tekis temperatsiya qolipiga tushirilib, musiqamizdan asil qolip olib tashlandi. Ammo,ming shukrlarkim, ustozlarimizning bu yo'lda qilgan fidokorliklari tufayli ulkan va boy musiqiy me’rosimiz bizgacha yetib keldi.Biroq, ustozlarning yo'llarini davom ettirmoq, bu kabi muammolarni o'rganmoq bugungi kunda bizning burchimiz hisoblanadi.
       Hozirgi zamon esa, bunday muammolarni yetarlik darajada o'rganish, uni umum jahon miqyosida tahlil etish va buni natijasida ko'plab yangiliklar yaratishga imkon berdi. Bizdan esa bugungi kunda bu bebaho merosimizni yanada chuqurroq o'rganish, uning ildizi,poydevori hisoblanmish tovush tizimini har qanday zamon va tarixiy jarayonlar ta’siridan beziyon qolgan shakllarini topib aniqlash va ularni bugungi kunga moslashtirish,kelajak avlodga esa sof va mukammal tarzda yetkazmoq kutib qolinadi.

       Bu masalada yurtboshimiz I.A.Karimovning quyidagi sabog'i ibratlidir: “Biz sog'lom avlodni tarbiyalash voyaga yetkazishimiz kerak. Sog'lom kishi deganda faqat jismoniy sog'lomlikni emas, balki sharqona axloq-odob va umumubashariy g'oyalar ruhida kamol topgan insonni tushunamiz”.(I. Karimov "Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch".)

        Musiqiy ijrochiligimizda og'zaki, ustoz - shogird ana'analari orqalik shakllanib kelayotgan yo'nalish bor. Bu maktab namoyondalari ijodlariga ko'pincha “yovvoyi yo'l” , “erkin yo'l”, “o'zgacha uslub” deya e’tirof etganliklarini guvohi bo'lamiz. tovush qatorimizningasil ko'rinishi yozma manba’lar, cholg'u pardalari bilanbirga mana shu maktabning ijro talqinida qaysidir ma’noda yashab kelgan desak to'g'ri bo'ladi.
       Bizga plastikalar orqalik nodir yozuvlari qolgan - Domla Halim Ibodov, Levi Bobohonov, Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Mulla To'ychi Toshmuhamedov, ushbu maktabning keyingi avlod vakillari - Yunus Rajabiy, Risqi Rajabiy, Halima Nosirova, Jo'rahon Sultonov, Jo'rabek Saidaliyev, Bobohon va Akmalhon So'fihonovlar, Mamadaziz Niyozov, Turg'un Alimatov(1921-2008), Orif Hotamov, (1925-2002), Rasulqori Mamadaliyev(1929-1976) Fattohhon Mamadaliyev(1928-1999) va boshqa shular kabi buyuk ustozlarning ijro yo'llaribu ishimizda asosiy manba’ bo'la oladi. Biz mazkur ijrolardan ijro talqinini alohida ajratib olib, tovush oraliqlarini o'lchab ko'rsak, qadimiy - 17, 24 va undan ortiq pog'onalik tovushqatorlarning shakllarini ilg'ab olishimiz mumkin. Demak, o'sha vaqtda ustozlar o'z ijrolarida asil tovush qatorlardan foydalanganlar. Masalan, To'ychi hofiz ijro etgan “Bayot”lar, “ko'cha bog'i”, “ushshoq” yoki H.Abdurasulov ijrosidagi “beboqcha” “guluzorim” yoki Yunus Rajabiyning o'z ijrolarida yozib olingan “Ko'cha bog'i” I-II, “Ushshoq”, “Asiriy-adoiy”,”Chorgoh” ,Halima Nosirovaning “ Mo'g'ulchai ushshoq”, “Dugoh husayniy” va boshqa bir qator ijro etgan asarlari ushbu fikrimizga guvoh bo'la oladi.Masalaning yana bir e’tiborlik tarafi shundaki, yuqorida aytilgan ,biz tadqiqot etayotgan maktab ijrochilarining qo'llarida asosan tanbur cholg'usini ko'rishimiz mumkin. Mazkur tanbur pardalarini chuqur o'rganib, o'lchab ko'rilsa ham asil tovush qatorlar joylashuvi hususida ko'plab fikrlarolishimiz mumkin bo'lar ekan.Bataxqiqki, musiqamiz ijrochiligida tanbur cholg'usi asosiy me’zonligi xatto hozirgi zamonda tanbur bilan ijod qiluvchilarning fikrlarida ham qayd etiladi.
       Aynan tanburning pardalari tizimi ushbu tovush qatorlarni maqom ladlariga bog'lab o'rganishimizga ham yordam beradi.Bu borada I.Rajabovning “Maqomlar masalasiga doir” kitobi qomusiy darajadadir. Ayniqsa,mazkur manba’da 12 maqom ladlari, Shashmaqom shakllaridan to tanbur pardalari qonuniyatlarigacha keltirilgan qimmatli fikrlar bizning ishimizga rahnamo bo'lib turadi.Ushbu manba’da o'sha davrlarda sharq musiqiy nazariyasida qo'llanilgan musiqiy o'lcham birliklari, ya’ni tovush –“nag'ma”, va ular oraliqlaridagi intervallar –“bo'’d” deb atalishi. To'rt yo besh pog'onalik tovushqatorlar mavjud bo'lib, ular “jins” va ularning qo'shilishi “jam’” deb nomlanganligi haqidagi ma’lumotlar diqqatga sazovordir.
       Mazkur o'lchamlar esa o'tmishda musiqashunos olimlar tomonidan Ud cholg'usi pardalari asosida tushuntirilgan deb aytiladi. Shashmaqomda esa to'rttalik yo beshtalik tovushqator - jinslarni tanbur pardalari yordamida tahlil etilsa maqsadga muvofiq bo'ladi. Hozirda biz tomonimizdan bir necha tovush qatorlar huddi shunday uslubda tadqiq etilmoqda.
       Quyida esa misol tariqasida aniqlangan tovush qatorlardan birini “Ushshoq” jinsi misolida ko'rsatib o'tamiz. Bizda “Ushshoq” nomi bilan ataluvchiashulalarimiz bor. Ularning tovush qatori(jam’i) asosan ikki tur jinslardan - Ushshoq to'rt tovushligi va Rost besht tovushligidan tashkil topadi. Jinslar o'zaro, ba’zan to'rttalik ketiga beshtalik,yo aksincha, beshtalik ketiga to'rttalik ulanib keladi. Masalan “Samarqand ushshog'i”da avval Ushshoq jinsi so'ng, Rost jinsi, “Toshkent ushshog'i”da esa aksi, avval Rost jinsi keyin Ushshoq jinsi joylashib kelganligini ko'rishimiz mumkin.(shu kabi boshqa “Ushshoq”larda ham)
   
   


Rost besh tovushlik jinsi Ushshoq to'rt tovushlik jinsi

   

Ishimiz chigallanmasligi uchun quyida birgina ushshoq to'rt tovushlik jinsining biz tomonimizdan aniqlangan chizmasini keltirdik.

USHSHOQ JINSI SHAKLI:



USHSHOQ JINSI
shaklini teng temperatsiya tizimiga tsent o'lchamida taqqoslab ko'rsatilishi:

Aytib o'tish joizki, mazkur izlanishlar biz tomonimizdan20 yildan ortiq vaqt mobaynida ham nazariy,hamamaliy ravishda tadqiqotetilmoqda. Hozirda esa shashmaqom va toshkent – farg'ona maqomlari ustida izlanishlar davom etayapti. Tajriba sifatida esa turli yo'nalishdagi musiqiy jamoalar,yakkahon honanda,sozandalar,ansambllar ijrosida mazkur tovush qatorlarning tiklangan variantlari:

1. “Garduni rost”
2. “Garduni navo”
3. “Garduni dugoh”
4. “Muhammasi ushshoq”
5. “Navro'zi ajam”
6. “Adolat tanovori”
7. “Kuygay”(Yu.Rajabiy)
8. “Gulyorahon va bilak uzuk”

Kuylari misolida chalib, audio yozuvlarga muhrlandi.

Quyidagi audio va videolarda izlanishlarimiz asosidagi amaliy mashgu`lotlarimiz guvohi bo`lishingiz mumkin:

"Navro`zi ajam" - (mp3),
Moziy ansambli ijrosida.
"Adolat tanovar" - (mp3), Moziy ansambli ijrosida.





http://www.youtube.com/watch?v=INKs6iM9slQ
 
© Husniddin ATO,2003-2008