O`ZBEK :: ENGLISH    

KUTUBXONA

 
To`xtasin G`ofurbekov                         Hazrat Navoiyning musiqiy tafakkuri.
professor

        Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlari oltmish yillik umrini qizg`in ijod va ijtimoiy faoliyat bilan, ilm hamda dunyoni, uning go`zalliklarini anglamoq zahmatlari bilan o`tkazdi. Dastlabki alifbo sabog`ini otasi G`iyosiddin Muhammaddan olgan bo`lsa, she’riyat sirlarini - Mavlono Yah’yo Sebak (aruz fani), Xoja Fazlulloh, Abullaysiy hamda tog`alari Mir Sayyid Kobuliy va Muhammad Ali G`aribiydan o`rganadi. Kichik tog`asi, Navoiy ta’birida - «ko`proq sozlarda yaxshi» talqinli, «uni va usuli xo`b» bo`lganligi va «musiqiy ilmidin xabardor»ligi bois, yosh Alisherning ayni musiqa savodini ham unda chiqargan deyishga asos beradi.
Biroq, musiqadan asosiy saboqlarni Navoiy hazratlari o`sha davrning nom qozongan darg`alaridan biri Xoja Yusuf Burhon dan olgan ko`rinadi. Zero, u, shoir e’tirof etganidek: « ... musiqiy ilmini ham yaxshi bilur erdi va faqir musiqiy fanida aning shogirdimen. Ko`proq o`z she’r(lar)iga musiqiy bog`lar (ta’kid bizniki. T.G`.) erdi. «Isfahon» amalini bu baytig`a bog`labturkim:

Rasid mavsumn shodiyu ayshu tarab,
Agar gado ba murodi dile rasad chi ajab».

Ya’ni:
Shodlik, zavq va xushchaqchaqlik mavsumi etishdi,
Agar gado ham o`z dilidagi murodiga etishsa ne ajab.

        Benazir shoir tarjimai holidan yana shular ma’lumki, u qaerda bo`lmasin - Hirotdami, Samarqanddami, Mashhadu Astroboddami, doimo yonida bastakorlardan Xoja Abdullo Marvarid, Paxlavon Muhammad, musiqashunoslardan Abdurahmon va Muhammad Jomiylar, o`nlab sozandayu xonandalar bo`lishgan hamda musiqa ijodi va ijrochiligi, ilmi borasida izchil muloqotlar xamisha davom etgan.
        Hozir musiqashunosligimizda «Navoiy va musiqa» mavzui «Navoiyning badiiy asarlarida musiqaning o`rni», «Navoiyning ilmiy asarlarida musiqa», «Navoiy she’riyati o`zbek musiqa folklorida», «Navoiy va o`zbek mumtoz musiqa merosi», «Navoiy - bastakorlik ijodiyotida», «Navoiy va XX asr o`zbek musiqasi» kabi yo`nalishlarda tadqiq etilmoqda.
        Alisher Navoiy badiiy merosining deyarli barcha qatlamlari - mahobatli «Xamsa» (50 ming misra atrofida), butun hayoti mobaynida izchil yaratilgan «Xazoyin ul-maoniy» (44900 misra) va «Devoni Foniy» (12 ming misra)da, shuningdek, boshqa asarlarida ishlatgan jami 26 mingdan ziyod, so`zlar orasida yuzlab maxsus musiqiy-kasbiy atama, tushuncha, ibora va xususiy birikmalar uchraydi. Bularni quyidagi tarzda muayyan tasniflarga bo`lish mumkin:
        -cholg`ular: daf, doyra, nog`opa, do`mbira, ko`s, do`l; jilojil, zang, zangula; mizmor, nay, karnay, nafir, 6ypg`y (surnay), sibizg`a; ud, rud, chang (cheng), barbat, qonun, rubob, tanbur; qo`biz, g`ijjak; arg`anun;
        -musikiy shakl (janr)lar: doston, yor-yor, o`lan, marsiya, naqsh, peshrav, navba, rehta, tuyuq, tarona, qo`shiq, surud, jirzsavt, kor, amal, saj, qavl, chinga;
        -musiqa asari: ko`k, kuy, lahn, navo, nola, turkona, tasnif, alhon;
        -musiqiy asarlar talqinchisi: lahnpardoz, lahnsoz, alhonchi, alhonnamoy, alhonsaro, navosoz, navobaxsh, navogar, dostonnavoz, barbatzan, mutrib, mug`anniy, udzan, rudzan, qavvalon, cholibon, surudchi;
        -bevosita musiqa asari ijodkori; muallif, musannif, mulahhin, bog`lovchi (bastakor), bog`labon, amalon, amalchi; nag`masoz;
        -musiqa asari yaratishga undash, da’vat: bog`la, bog`lagan, tuz, tuzubon, ko`rguz, ko`rsat, aylagin, aylabon, tutgil, tut, surud chekib;
        -muayyan mavzu va mazmundagi musiqa asarlari: Qumri lahni, lahni no`sho-no`sho, lahni Barbad, Hudiy Lahni, Navoiy lahni, «Tegdi g`izol», «Hey tulugim», miatayin, ayolg`u, bozgo`y, suvora, tarona, chinga, bazmu, tarab;
        Ishonchimiz komilki, keltirilgan atamalar doirasi Alisher Navoiy badiiyatida bundan ham keng qamrovda qo`llangan. Bu jihatni tadqiq qilishga bel bog`lagan zukko musiqashunos uning yangi-yangi qirralarini topishi muqarrar. Qarangki, shoirimizning o`zi, o`spirinlik chog`larida yoza boshlagan «Badoe’ ul-vasad»ning ilk g`azallaridan birini quyidagi misralar bilan boshlaydi:

Ey, navbahori orazing subhig`a jonparvar havo,
Andin gulu bulbul topib — yuz barg birla ming navo.

        Hazrat Navoiy ijodida bundan ham yorqinroq tom ma’noli nazmiy fikr bayonidan musiqiy teran jumla va xulosalarga ravon o`tish (o`zgacha modulya?iya)lar hollari son-sanoqsizdir. Qolaversa, Navoiy o`z nazmiy-badiiy tafakkuridagi musiqiy nisbatlar, majoziy o`xshatishlar, tugal, yaxlit obrazlar qiyofasini gavdalantirishda musiqiy bo`yoqlar, musiqiy sifatlovlardan ham keng foydalangan. Masalan, «Sab’ai sayyor» dostonidagi bosh qahramon Diloromni chang sozisiz, kuy-qo`shiqsiz yoki ayni shu asarning ettinchi iklimida xorazmlik musofirni «ilmi advoru fanni musiqiy»siz tasavvur etib bo`lmaydi.
        Navoiy bevosita musiqa bilan bog`liq ilmiy va qisman badiiy asarlarini hayotining so`nggi o`n yili, ya’ni 1490-1500 yillarda, demakki, ijodiy barkamol, mahorati avj pallasiga ko`tarilgan bir davrda yaratgan. Bular «Majolis un-nafois» (1491), «Mezon ul-avzon» (1492), «Holoti Pahlavon Muhammad» (1493) va, nihoyat, «Mahbub ul-qulub» (1501) kabi biri-biridan teran, mazmunan keng qamrovli, falsafiy kuzatuvlar, mushohadali xulosalarga boy asarlardir.
        Navoiyning minglab g`azallari orasida, aynan ilmiy-badiiyligi bilan biz uchun nihoyatda noyob, ya’ni shoirning o`ziga xos «Mug`anniynoma»si esa ushbu g`azaldir:

Ey mug`anniy, yor bazmida navo soz aylasang,
Jon fidong o`lsun g`amim sharhidan og`oz aylasang.
Uddek kuymakligim sharh et lisoni hol ila,
Nag`mada udung lisonin hajripardoz aylasang.
O`zga olamdin xabar deb, bizni turguzding ne tong,
Bu risolat birla gar nahori e’joz aylasang.
Rozim ar sozing lisonidin ba’idul fahm esa,
Anga ruhafzo unungni dog`i hamroz aylasang.
Otlanib boshimni raxshingning ayog`i ostiga,
Tiyg` birla sog`udek masti sarandoz aylasang.
Parda yop roz uzrau dohil bo`l ushbu bazm aro,
Kim erur xorij agar beparda ovoz aylasang.
Chekmading lahni Navoiy ko`nglun istab ayb emas,
Anglab o`zungni navo ahlig`a shahnoz aylasang.

        Fikrimizcha, ushbu izchil, biri-biridan teranlashtirilib bayonlanayotgan nazmiy va shubhasiz, musiqiy-semantik tafakkur majmui, yuqorida nomlari keltirilgan to`rtta ilmiy-badiiy asariga ham ma’nodoshdir. Xususan, «Majolis un-nafois»dagi sakkiz majlisning har birida u yoki bu san’atga daxldor o`nlab shaxslar haqida ishonarli ma’lumotlar o`rin olgan. Qizig`i Navoiy nihoyatda qiska, ba?zan bir-ikki so`z, jumla vositasida muayyan insonga to`liq kasbiy ta’rif beradi. Me’morlar va musavvirlar, naqqoshu zargarlar shu tariqa Navoiy zikridan o`tishadi. Temur Ko`ragon (Sohibqiron Amir Temur)dan boshlanib, jami 22 temuriyga bag`ishlangan ettinchi majlisda, ularning ayni madaniyat, san’at va umuman ma’naviyatga munosabatlari Navoiy diqqat-e’tiboridan chetda qolmaydi. Jumladan, dastlab Amir Temur g`azabini qo`zg`otgan Xoja Abdulqodir Marog`iy, Mavlono Muhammad Koxiy va Ustod Qutb Noyilar qismati (o`limga hukm) va Xojaning «filhol biyik un bila qur’on» tilovatidan so`ng, dili yumshagan Sohibqiron kechirimini olganligi hamda uning «oliy majlisda nadim va mulozim» qilinganligi hikoya qilinadi. Majlisning Boysung`ur Mirzoga ajratilgan sahifalarida esa quyidagilarni o`qish mumkin: «Xattot va sozanda va go`yandadin muncha benazir kishikim, aning tarbiyatidin orog`a kirdi, ma’lum emaskim, hech podshoh zomonida paydo bo`lmish bo`lg`ay».
        Ushbu asarda kaminaning qiziqishini ?yg`otayotgan shaxslar - Mavlono Sohib Balxiy («Chahorgoh» amali mashhur), Xoja Yusuf Burhon («Isfahon» amali muallifi), bir qator savt, yaxshi naqshlar yaratgan Hofiz Sharbatiy (Navoiyning eng yaqin do`stlaridan), Ushshoq, Navo va Husayniy pardalaridagi peshrav, kor, qavl amallari bilan tanilgan Ustod Qulmuhammad, bevosita Navoiy g`azallariga kuy bastalagan Xoja Abdulloh Marvoridning akasi - Xoja Abdulloh Sadr, Abdurahmon Jomiyning inisi Muhammad Jomiy (advor va musiqiy ilmida mohir)lardir. Zero, ularning aksariyati ijrochilik va musiqashunoslikda, eng qobiliyatlilari esa bastakorlikda ham nom chiqarishgan.
        Zahiriddin Bobur ta’biri bilan aytganda - «yaxshi naqshlari (ya’ni ashula yo`llari - T.G`.) va peshravlari (cholg`u kuylari)» bilan tanilgan Alisher Navoiy hazratlari «Majolis un-nafois»da o`ttizga yaqin musiqaga aloqador o`tmishdoshlari va zamondoshlari haqida yozar ekan, ayrim joylarda forsiy «bastakor, bastalash, bastalab» so`zlari o`rniga aslan turkiy «bog`labdur, bog`lash, bog`labdurkim» atamalarini qo`llaydi. Masalan, Mavlono Sohib Balxiy, ustozi Xoja Yusuf Burhonlarga nisbat berilgan o`rinlarda turkiy atamalarni qayta-qayta ishlatadi.
        Alisher Navoiyning qariyb qirq yillik do`stiga bag`ishlangan «Holoti Pahlavon Muhammad»da bu o`ta faol ijodkorning musiqa bobidagi yutuqlariga doir ma’lumotlarda «bog`labdurkim», «bog`lanib», «bog`labdurki» atamalari keng qo`llangan. O`z do`stining Ustod Muhammad Xorazmiy, Mavlono Sohib Balxiy, Xoja YUsuf Andijoniylar tasnifotiga muqobil va hatto «alarning ko`pridin ham xushgo`yroq va ham xushxon» asarlariga umumiy bir tarzda bahr beraturib, Mir Alisher bobomiz bu san’atkorning «Chahorgoh», «Segoh» amal(ashula yo`l)lari va «tegdi g`izol» sho`’basidagi mo`staqil bozgo`ylarini alohida e’timod bilan e’tirof etadi, «xaloyiq orasida mashhurdur» deya suyunadi. Demak, bolalik chog`laridan alloma Xoja YUsuf Burhondek bastakorga shogird tushgan, butun faoliyati davomida musiqiy-ijodiy jarayonni ayni k a s b i y qiziqish bilan izchil kuzatib, aniqrog`i zukko tinglovi orqali teran anglab kelgan Navoiy, bu soha ahlining eng mohirlari ijodigagina ana shunday muqaddas - «bog`labdur», «bog`lab» kabi yuksak iboralarni qo`llagan.
Yana o`zining va o`zgalarning ijodiga nihoyatda talabchanlik bilan yondoshgan Alisher Navoiy atigi bir marta (bizga ma’lumi), u ham bo`lsa, eng yaqin do`sti Husayn Boyqaroning 1469 yili taxtga o`tirishiga atab yaratgan tuhfasi - «Qasidai hiloliya»dagi quyidagi misralarda bevosita o`z bitiklariga bog`lanayotgan (hozirgi ta’bir bilan - bastalanayotgan) kuy haqida yozadi:

Soz etib, changu tuzub ul unga ruh afzo surud,
Kim malak ko`ngliga solib ishq ila may rag`batin.
Cholibon naqshu amal bog`lab Navoiy she’rig`a,
Iyd jashni xush tutarg`a shoh bazmi ishratin.

        Mazkur satrlar bir tomondan, musiqiy-ijodiy jarayonni aniq-taniq ifodalab bersa, ikkinchi tomondan, Navoiyning butun «Xazoyin ul-maoniy» turkumidagi yakkayu yagona qasidasi yaralgan vaqt 1469 yilning Iydi ramazon arafasiga to`g`ri kelib, Husayn Boyqaroga taxti bir xayitlik ekanligidan dalolat beradi.
        Yuqoridagi fikr-mulohazalardan ushbu xulosalarga kelish mumkin: birinchidan, Alisher Navoiy nainki she’riy shuurdan, balki unga ko`p jihatdan ma’nodosh va mushtarak bo`lgan musiqiy ifoda vositalaridan nozik did bilan unumli foydalanishda mohir bo`lgan.
        Ikkinchidan, musiqashunosligimizda bir qadar odat tusiga kirgan, ya’ni Alisher Navoiy musiqiy atamalarga go`yo faqat qofiya nuqtai nazaridangina murojaat etgan, degan gapning nihoyatda yuzakiligi bugun ayon bo`lib qoldi.
        Uchinchidan, buyuk so`z sehrgarining musiqiy tafakkuri badiiy-musiqiy hamda ilmiy-musiqiy bayonlari orqali bir-birini izchil to`ldirib, o`zaro chambarchas boliq kelishi daho shoirimiz ilohiy iste’dodining yana bir qirrasi sifatida namoyon bo`layotir.


© Husniddin ATO,2003-2008